Assalomu aleykum!

Manzil:

Qarshi shahar, Islom Karimov ko'chasi, 85 uy

Elektron poliklinika: Qanday qilib oilaviy shifokor qabuliga onlayn yozilish mumkin?

Yurtimizda keng yo‘lga qo‘yilgan “Elektron poliklinika” moduli aholi uchun katta qulayliklar yaratdi. Ammo ayrim fuqarolar undan foydalanishni bilmagani uchun joylarda “jonli navbat”lar kuzatilmoqda. Bu esa turli muammolarni keltirib chiqarayotgani ham sir emas.

Shu bois ushbu tizimdan qanday qilib foydalanishni siz bilan birga qadamba-qadam ko‘rib chiqmoqchimiz.

1-QADAM: Siz, eng avvalo, DMED tizimi ilovasini yuklab olasiz va ro‘yxatdan o‘tasiz.

2-QADAM: O‘zingizga ma’qul poliklinika hamda oilaviy shifokorni tanlaysiz.

3-QADAM: Oilaviy shifokorga my.gov.uz, DMED ilovasi, oilaviy poliklinika ro‘yxatxonasi yoki “Muxlisa” infokioskasi orqali onlayn ro‘yxatga yozilasiz.

4-QADAM: Qabul vaqtida, agar birinchi marta kelayotgan bo‘lsangiz, albatta, amaliyotchi hamshiraga uchrashasiz. U sizni skrining so‘rovnomadan o‘tkazadi va shundan keyin oilaviy shifokorga yo‘naltiradi.

5-QADAM: Oilaviy shifokor skrining tekshiruvidan o‘tkazadi. U o‘zi davolashi, zarurat bo‘lganda, laborator tekshiruv yoki tor soha mutaxassisiga yo‘naltirishi mumkin.

6-QADAM: Oilaviy shifokoringiz tor soha mutaxassisiga navbatni belgilaydi. Tor soha mutaxassisi esa laborator va instrumental tekshiruvlar asosida yakuniy tashxisni qo‘yadi.

7-QADAM: Oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisi tashxisdan kelib chiqib, elektron retseptni shakllantiradi.

8-QADAM: Tor soha mutaxassisi xulosasini DMED tizimi orqali kuzatib turgan oilaviy shifokoringiz individual nazorat rejasini ishlab chiqadi.

9-QADAM: Kasallikka qarab quyidagicha davolanasiz:

ambulator;
uy shifoxonasida;
kunduzgi shifoxonada;
statsionarda;
ixtisoslashtirilgan markazlarda.

10-QADAM: Davolangandan keyin ham oilaviy shifokor nazoratida turasiz. Shu bois uni xabardor qilishingiz talab etiladi, ayniqsa, xususiy shifoxonada davolangan bo‘lsangiz.

Umuman, ko‘p vaqt sarflamay oilaviy shifokor qabuliga kirmoqchimisiz? Unda yuqoridagi tavsiyalardan foydalanishni o‘zlashtirib oling!

SSV Matbuot xizmati.